Obirahmat gʻoridan topilgan ushbu tosh qurollar oʻrta paleolit davriga (miloddan avvalgi 100-40 ming yillikka) mansub boʻlib, Markaziy Osiyo hududida inson faoliyatini oʻrganishda muhim ilk arxeologik manbadir. Ushbu topilmalar asosan chaqmoqtoshdan yasalgan, ayrim namunalarda kvarsit va boshqa mustahkam tosh jinslaridan ham foydalanilgan.
Qurollar urib yoʻnish
va qirqib shakl berish usullari orqali tayyorlangan. Ular orasida pichoqsimon plastinalar,
qirgʻichlar, teshgichlar, nayza va kamon oʻqlari uchi kabi turli funksiyaga ega
ashyolar mavjud. Mazkur qurollar qirqish, teshib oʻyish, hayvon terisini ishlash,
yogʻochga ishlov berish, suyakni parchalash hamda ov qilish jarayonlarida keng qoʻllangan.
Shuningdek, mikrolitlar, yaʼni kichik oʻlchamli, oʻta uchli tosh qurollar ham
ibtidoiy inson tafakkurining muhim yutuqlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Ular,
ayniqsa, mezolit va neolit davrlarida keng tarqalgan boʻlib, murakkab kompozitsion
qurollar, masalan, yogʻoch yoki suyak asosga joylashtirilgan oʻqlar uchini tayyorlash
imkonini bergan. Xomashyo sifatida chaqmoqtosh, kvarsit va obsidian kabi jinslar
ishlatilgan.
Mazkur arxeologik materiallar
ibtidoiy odamlarning ovchilik xoʻjaligi, mehnat malakasi va texnologik tajribasi
muayyan darajada rivojlanganini koʻrsatadi. Ular insonning tabiat neʼmatlaridan
ongli va maqsadli foydalanishni oʻrgangani, mehnat jarayonida tajriba toʻplab, qurolsozlik
anʼanalarini takomillashtirganini yaqqol namoyon etadi.
Azizbek
YUSUPOV,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri