8,1 mlrd soʻmlik 24 ta davlat xaridi qonunchilikka zid tarzda oʻtkazilishining oldi olindi

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning sentyabr oktyabr oylarida davlat buyurtmachilari tomonidan qariyb 8,1 mlrd soʻmlik 24 ta davlat xaridida sohaga oid qonunchilikka zid holatlar aniqlandi.

    Jumladan:

    • Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasi buyurtmachiligida 1,4 mlrd soʻmlik issiq ovqat yetkazib berish xizmati;
    • Izboskan tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 1,3 mlrd soʻmlik tibbiy jihozlar xarid qilish;
    • Muzrabot tumani yoʻllardan foydalanish davlat muassasi buyurtmachiligida 1,3 mlrd soʻmlik yoʻllarni taʼmirlash xizmati koʻrsatish;
    • “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” qoshidagi Bino inshoot va jihozlarning kapital taʼmiri boʻyicha direksiya AJ buyurtmachiligida 796 mln soʻmlik binolarni taʼmirlash xizmati koʻrsatish;
    • Denov tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 735 mln. soʻmlik issiq ovqat yetkazib berish xizmati;
    • Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti buyurtmachiligida 337 mln soʻmlik ovqatlanish xizmatlari koʻrsatish;
    • Mirishkor tumani obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida 88 mln. soʻmlik ofis jihozlari xarid qilish;
    • “Qipchoq yoʻllardan muntazam foydalanish” davlat unitar korxonasi buyurtmachiligida 49 mln. soʻmlik qurilish mollari sotib olish;
    • Yoshlar ishlari agentligi Narpay tuman boʻlimi buyurtmachiligida 47 mln soʻmlik texnik jihozlari xarid qilish;
    • Narpay tuman 13-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi buyurtmachiligida 30 mln soʻmlik qurilish mollari sotib olish yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan.

    Shuningdek:

    • Amu-Buxoro mashina kanali Olot tuman boshqarmasi buyurtmachiligida 612 mln soʻmlik nasoslarga texnik xizmat koʻrsatish;
    • Buxoro arxitektura va qurilish texnikumi buyurtmachiligida 600 mln. soʻmlik issiq ovqat yetkazib berish xizmatini koʻrsatish;
    • “Yoshlik kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmachiligida 239 mln soʻmlik montaj-pardozlash xizmatlari koʻrsatish;
    • Payariq tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida 75 mln soʻmlik maxsus texnikalarni joriy tamirlash yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridlarida oʻzaro affillangan shaxslar ishtirok etganligi maʼlum boʻldi.

    Bundan tashqari, Asaka Agrotexnologiyalar texnikumi buyurtmachiligida 442 mln. soʻmlik texnik jihozlarni xarid qilish yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridlarida baholash jarayonida qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

    Agentlikning taqdimnomalariga asosan xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, mazkur davlat xaridlarining qonunga xilof tarzda oʻtkazilishining oldi olindi.

    Oʻrganish va tahlillar jarayonida toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.