Yigʻilishda foydalanishga topshirilgan uylar boʻyicha ham eʼtirozlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.
Oxirgi ikki yilda uy-joy qurilishi boʻyicha 5,5 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan. Xususan, 88 ta holatda pudratchilar loyihaga zid ravishda uylarga ortiqcha 1-2 qavat qoʻshib qurgan. Yoki foydalanishga qabul qilingan 74 ta koʻp qavatli uylarda qurilish sifati boʻyicha jiddiy kamchiliklar aniqlangan.
Shu maʼnoda, pudratchilarning qurilish madaniyatini tubdan oshirish zarurligi qayd etildi.
Hozir pudratchilar qurilishni boshlash uchun hujjatlarni kamida 5 bosqichda kelishishi kerak. Bunga 2 oygacha vaqt ketayapti. Bu jarayonlar soddalashtirilishi eʼlon qilindi.
Quruvchilar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Ular kamchilik koʻrsatsa, bartaraf qiladi.
Qurilish loyihaga mos bajarilishini Davlat arxitektura-qurilishi nazorati inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Obyektni foydalanishga topshirishda faqat 2 ta idora – DAQN va yongʻin xavfsizligidan xulosa olinadi. Zarur boʻlsa, boshqa sohadagi mutaxassislarni inspeksiyaning oʻzi jalb qiladi.