9-12-may kunlari kutilayotgan sel-suv toshqinlari maʼlum qilindi

    Joriy yilning 9-11-may kunlari Oʻzbekiston hududi boʻyicha vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Respublika boʻyicha shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.

    9-12-may kunlari kutilayotgan kuchli yomgʻirlar yogʻishi sababli, respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida, jumladan:

    Qashqadaryo viloyati: Yakkabogʻ, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Gʻuzor tumanlarida;

    Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Muzrobot tumanlarida;

    Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulungʻur, Nurobod, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;

    Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;

    Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;

    Toshkent viloyati: Ohangaron, Boʻstonliq, Parkent, Piskent, Oʻrtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;

    Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqoʻrgʻon tumanlarida;

    Fargʻona viloyati: Soʻx, Shohimardon, Fargʻona, Beshariq tumanlarida;

    Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qoʻrgʻontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xoʻjaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

    Togʻ oldi va togʻli hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda togʻli hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini koʻrishlarini soʻraymiz.

    Respublika hududi boʻyicha yomgʻir suvlari toʻplanishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.