Taʼkidlanganidek, davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga va tadbirkorlik subyektlariga joriy yilning 9 oyi davomida 723 mingdan ortiq davlat xizmati koʻrsatilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning ushbu davri bilan qiyoslaganda 34 foizga oshganligini koʻrsatadi. Shu jumladan, 1 0211 tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida olis hududlarga “Mobil davlat xizmatlari” yoʻlga qoʻyildi, shu davr mobaynida jami 47 mingdan ortiq sayyor xizmat koʻrsatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvardagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2020-yilning sentyabr oyida Toʻrtkoʻl tumanida Yonboshqalʼa, Ellikqalʼa tumani Sarabiy, Beruniy tumani Abay ovuli va Moʻynoq tumani Qozoqdaryo ovul fuqarolar yigʻinlari hududlarida, 2021-yil aprel oyida Shumanoy tumani Qarabayli mahalla fuqarolar yigʻini hamda avgust oyida Amudaryo tumani Xitoy ovul fuqarolar yigʻini hududlarida Davlat xizmatlar markazlarining filiali tashkillashtirildi. Qoʻngʻirot tumanidagi “Jasliq” hamda “Qoraqalpogʻiston” shaharcha fuqarolar yigʻinlarida Davlat xizmatlari markazlarining filiallari tomonidan 21 mingdan ortiq davlat xizmati koʻrsatildi.
Bugungi kunga qadar Amudaryo, Beruniy, Moʻynoq, Chimboy, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot, Taxtakoʻpir, Boʻzatov, Shumanoy, Qoraoʻzak Davlat xizmatlari markazlarining yangi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Xoʻjayli, Toʻrtkoʻl va Taxiatosh tumanlari binolari qurilish ishlari boshlanib, joriy yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Agentlik boshqarmasi tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari tomonidan 9 oy davomida 1 634 ta qonun buzilish holati aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organlarga 13 taklif, 104 ogohlantirish kiritilib, vakolatli organlarning 131 nafar mansabdor va masʼul xodim maʼmuriy, 12 nafar shaxsga intizomiy javobgarlikka tortilgan.
2021-yil 9 oyi davomida FHDYO organlari tomonidan jami 28 932 ta tugʻilish, 2 911ta otalikni belgilash, 377ta farzandlikka olish, shuning bilan birga, 11 258 nikoh va 1 115 nikohdan ajralish, 7 183 oʻlim holati qayd etilgan.
Davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida xodimlar bilan profilaktik tadbirlarning olib borilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 56 marotaba “Sirli mijoz” va reyd tadbirlari oʻtkazildi.
Sohada joriy qilingan yangiliklarga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, 2021-yil 1-noyabrdan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlar portali yordamida davlat xizmatlari koʻrsatishda undiriladigan toʻlovlar boʻyicha 50 foiz miqdorida chegirma tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, sohada yaratilgan yana bitta yangiliklarning bir eski namunadagi qogʻoz koʻrinishidagi koʻchmas mulk obyektining kadastr pasporti oʻrniga yangi zamonaviy namunadagi ID plastik yagona identifikatsion kartasi berilishi yoʻlga qoʻyildi. Elektron shakldagi kadastr pasporti koʻchmas mulk obyekti haqida barcha maʼlumotlarni qamrab oladi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi.