Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning “Yuz.uz”ga maʼlum qilishicha, shu yilning 2-avgust kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida Bahodir Gʻulomovga tegishli jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Bahodir Gʻulomov Kogon tumani prokurori lavozimida ishlab kelib firibgarlik yoʻli bilan oʻzganing juda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini qoʻlga kiritish maqsadida 2024-yil yanvar oyi boshlarida N.Noʻmonov va xavfli retsidivist boʻlgan Z.Odilov bilan jinoiy til biriktirgan. Ular Buxoro viloyat prokuraturasi oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boʻlimi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “Kogon yogʻ — ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha jamiyat taʼsischilaridan birining ishonchiga kirib, jinoyat ishi doirasida unga nisbatan ayblov eʼlon qilmaslik va jinoiy javobgarlik masalasini hal etmaslik masalasini Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSH dollari miqdorida pora berishni talab qilgan.
Bahodir Gʻulomov 15-yanvar kuni Buxoro shahridagi “Turon” mehmonxonasi oldida 100 ming dollarni jinoiy sherigi N.Noʻmonov orqali olgan. Shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, “Kogon yogʻ-ekstraksiya zavodi” AJga aloqador shaxslarni Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga yana 100 ming dollar pora berishga dalolat qilgan hamda firibgarlik yoʻli bilan 44 ming dollarni qoʻlga kiritgan.
Shundan 10 ming dollarni Z.Adilov olib, qolgan 34 ming dollarni N.Noʻmonov kelgusida Bahodir Gʻulomovga berish uchun oʻzida saqlab kelgan. 13-fevral kuni Buxoro shahar markaziy kasalxonasi yonida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bahodir Gʻulomov N.Noʻmonov orqali 56 ming dollarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Sud hukmi bilan Bahodir Gʻulomov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik), 28, 211 moddasi 3 qismi “a” bandida (juda koʻp miqdorda pora berishda ishtirokchilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3-yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud hukmi bilan “New imperial oil” MCHJda ekspeditor lavozimida ishlagan Najmiddin Noʻmonov 11-yil, xavfli retsidivist hisoblangan Zafar Odilovga 12-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.