Hozir oʻttiz nafardan koʻproq nevaram,  yigirma nafar chevaram bor. Ularning qurshovida baxtli hayot kechirmoqdamiz.

Toʻqsonga kirgan turmush oʻrtogʻim menga suyov. Bir-birimizga, nevara-chevaralarga ovunamiz. Yaratganga shukr, shuncha yoshga kirgan boʻlsak ham sogʻligimiz yaxshi. Farzandlarimiz hamrohligida boʻlsa-da toʻy-maraka, marosimlarga boramiz. Odam zahrini odam oladi-da. Boʻlmasa kun oʻtishi qiyin.

Gazeta oʻqishga koʻzim boʻlmaydi, ammo telekanallarni koʻraman. Koʻrganda ham soatlab koʻraman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni televizorda, amalda Zangiota tumani misolida oʻz koʻzim bilan koʻrib qalbim faxr-iftixorga toʻladi. Shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar keltiraman.

Birgina biz yashab turgan Zangiota tumani Nazarbek hududini olaylik. Ayniqsa, keyingi oʻn yil ichida bu yerda juda katta ishlar qilindi. Qancha yoshlar ishli, qancha uy-joysiz, qiynalib yurgan oilalar “kichik vatanli” boʻldi. Toʻqsoninchi yillar 3-4 mahallaga bitta doʻkon boʻlardi. Hozir esa har mahallada yetarlicha savdo nuqtalari, xizmat koʻrsatish shoxobchalar ishlab turibdi.

Avvallari qishda loy, yozda chang, tunda zimiston boʻladigan koʻchalarimiz asfaltlandi, ravon va chorogʻon yoʻllarga aylandi. Yashirmayman, bir paytlar mahallamizda elektr enargiya, suv va gaz taʼminotida jiddiy muammolar mavjud edi. Endi bu borada kamchilik yoʻq. Bularni, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni koʻrib yigit boʻlib qolgim keladi. 

Toʻgʻrisi, baʼzan oʻz oilamizdagi muammoni yechishga qiynalamiz. Endi salkam 40 millionli mamlakat aholisining kundalik hayoti bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etishni oʻylab koʻring. Bu gaplarni gapirish oson. Davlat rahbariga yengil tutmang.  U kishi boshchiligida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni–ishlarni koʻrib, toʻgʻrisi, aqlim shoshadi, yuragim hapriqadi. Nazarimda, yetib boʻlmaydigan orzular ushalayotgandek.

Inson qadri ulugʻlanayotgan Yangi Oʻzbekistonda yashayapmiz. Mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlar, katta islotlar boshlangani, Uchinchi renessans poydevoriga asos solingani xalqaro ekspertlar tomonidan etirof etilmoqda.

Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon. Baxtli yashash uchun bundan boʻlak yana nima kerak. Buning uchun Yaratganga shukronalar keltirib, ana shunday baxtni–imkoniyatlarni  bizga–xalqimizga muhayyo etgan Prezidentimizga ming rahmat degim keladi.

Aminjon Qodirov,

pensioner