Abbosbek Fayzullayevning SSKAdan Turkiyaga transferi rasman yakunlandi

    Sport 20 Avgust 2025 713

    Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev transferi uchun Moskvadagi SSKA jamoasiga toʻlovni amalga oshirdi.

    Bu haqda Rossiya klubining kommunikatsiyalar boʻyicha direktori Kirill Breydo maʼlum qildi.

    “Istanbul Bashakshehir” jamoasi joriy yilning iyul oyida Fayzullayev bilan besh yillik shartnoma imzolagan edi. Turkiyalik jurnalist Usmon Altunterim bergan maʼlumotlarga koʻra, futbolchi transferi 7 million yevroga baholangan.

    Avvalroq toʻlov jarayonida muammolar kuzatilgani haqida xabarlar tarqalgan. Klub vakillari mablagʻ yetishmovchiligi emas, balki texnik sabablarga koʻra kechikish boʻlayotganini bildirgandi. Endilikda SSKA tomonidan transfer summasining toʻliq qabul qilingani va bitim rasman kuchga kirgani maʼlum qilindi.