Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligida Abduhakim Xadjibayev Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Soy boshchiligidagi delegatsiya guruhini qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomondan ham sogʻliqni saqlashni raqamlashtirish, majburiy sugʻurta tizimini joriy qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish yoʻnalishlarining masʼullari ishtirok etdi.

Muloqot chogʻida tomonlar tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasidagi yangiliklar bilan almashdilar. Shuningdek, hozirgi kunda mamlakatlar oʻrtasida azaliy doʻstona munosabatlar yangi bosqichga chiqqanligini taʼkidlab, sogʻliqni saqlash sohasida ham oʻzaro manfaatli va amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlash lozimligini aytishdi.

Uchrashuvda vazirlar mamlakatlardagi ayni paytdagi mavjud epidemiologik vaziyat toʻgʻrisida maʼlumot almashib, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhimligini qayd etishdi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va tarqalishining oldini olishda davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik muhimligi aytildi. Jumladan, koronavirus pandemiyasini bartaraf etish boʻyicha bebaho tajribani hisobga olgan holda, ikki tomonlama hamkorlik doirasida ham, xalqaro tashkilotlarda (SHHT, MDH va boshqalar) ham epidemiya va pandemiya holatlarida tezkor choralar koʻrish va oʻzaro taʼsir oʻtkazish boʻyicha birgalikda samarali choralarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidladilar.

Ikki mamlakat vazirliklari sogʻliqni saqlash masalalarini hal qilishda yaqin munosabat oʻrnatish, strategik sheriklik asosida amaliy hamkorlik va oʻzaro aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi.

Qozogʻistonliklar sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, sohada yangi texnologiyalarni joriy etish, farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, pandemiya davrida katta talofatlarsiz epidemiologik barqaror vaziyatni saqlash borasidagi Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlarni yuqori baholadi.

Ikki davlat vazirlik rahbarlari tomonidan sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi. Kelgusida tibbiyot sohasini raqamlashtirish, majburiy sugʻurta tizimini joriy qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish borasida qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib olishdi.

Qozogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Soy samimiy qabul uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayevga minnatdorlik bildirdi va tibbiyot sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida Qozogʻistonga tashrif buyurishga taklif qildi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Behzod Musayev va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Erali Tugjanov ishtirokida Toshkent shahrida zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari asosida barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazida boʻlishdi hamda bu yerda bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, davolash jarayonini yuqori baholadilar.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.