Abdul Gʻani Barodar “Made in Uzbekistan” mahsulotlar koʻrgazmasining ochilishini qutladi

    Kecha Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Kobul shahrida boʻldi.

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari va Afgʻoniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Abdul Gʻani Barodar oʻrtasida tor doiradagi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki mamlakat investitsiyalar, sanoat va savdo, qishloq, suv xoʻjaligi, togʻ-kon sanoati va geologiya, energetika hamda transport vazirlari ishtirok etdi.

    Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va ularning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Afgʻoniston tomoniga oʻzaro hamkorlikning qator jihatlari boʻyicha takliflar taqdim etildi.

    Afgʻoniston Bosh vaziri oʻrinbosari oʻz nutqida mamlakatimiz delegatsiyasining Kobulga tashrifini olqishlar ekan, Hirot viloyatida yuz bergan zilzila oqibatida jabrlangan oilalarga koʻrsatilgan insonparvarlik yordami uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

    U transport-tranzit masalalari iqtisodiyotni rivojlantirishning harakatlantiruvchi kuchi ekanligini taʼkidlagani barobarida Afgʻoniston orqali Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoni bogʻlaydigan transport yoʻlagi tashkil etilishi loyihalarida Oʻzbekiston tomonining ishtirokini yuqori baholadi.

    Afgʻoniston va Oʻzbekistonda iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi va ulardan foydalanish esa oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobarga koʻpaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Afgʻonistonlik investorlar, ishbilarmon doiralar vakillari va yuk tashish avtomobillari haydovchilariga viza rasmiylashtirish boʻyicha yangi mexanizm yaratilayotgani uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirildi.

    Abdul Gʻani Barodar tashrif doirasida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” mahsulotlar koʻrgazmasining ochilishini qutladi.

    Oʻz navbatida, mamlakatimiz Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev ham Oʻzbekiston tomonining turli sohalardagi hamkorlik aloqalari koʻlamlarini kengaytirish va oʻzaro maʼlumotlar almashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

    U Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 3 milliard dollarga yetkazish boʻyicha "Yoʻl xaritasi" ishlab chiqilganini taʼkidladi.

    Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistonda transport/tranzit va elektr taʼminoti boʻyicha keng koʻlamli infratuzilma loyihalarida ishtirok etish, kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini oshirishga tayyorligi yana bir bor taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda ham Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasini tashkil etish maʼlum qilindi.

    Tashrif doirasida Qobul xalqaro koʻrgazmalar markazida biznes-forum tashkil etildi, unda mahalliy ishbilarmon doiralarning 300 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Biznes-forumda Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Azizi, Savdo-sanoat palatasi raisi Muhammad Yunus Momand soʻzga chiqdi.

    Shundan soʻng Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasini rasman ochib berdi.

    Koʻrgazmada namoyish etilgan turli mahsulotlar mahalliy tadbirkorlar va ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Oʻzbekiston mahsulotlari koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston va Afgʻoniston biznes doiralari vakillarining V2V va G2B muloqotlari tashkil etildi.

    Tashrif yakunlari boʻyicha 1 milliard 185 million dollar miqdoridagi eksport/import kelishuvlariga erishildi.