Abdulaziz Kamilov BMT Bosh kotibi oʻrinbosari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 2 Mart 2022 1635

    2022-yil 2-martda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov joriy yil 3-4-mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik” yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga kelgan BMT Bosh kotibi oʻrinbosari – BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, mamlakatimiz bilan Tashkilotning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda BMTning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari boʻyicha ixtisoslashgan tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilib kelyapti va bu boradagi asosiy universal huquqiy hujjatlarning ishtirokchisi hisoblanadi.

    Oʻzbekiston tomonining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 4 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston ilk bor Inson huquqlari boʻyicha Kengashga aʼzo boʻldi, unda mamlakatimiz vakili 2022-yilga rais oʻrinbosari etib tayinlandi.

    Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlganining 30 yilligi (1992-yil 2-mart) munosabati bilan oʻzaro tabriklar almashdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.