Abdulaziz Kamilov Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qoʻmitasi raisini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 23 Fevral 2022 1557

    2022-yil 23-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qoʻmitasi raisi Devid Makallisterni qabul qildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, parlamentlararo muloqotni faollashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Tomonlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillarining Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan bugungi maslahat uchrashuvi hamda joriy yil 31-yanvarda Bryusselda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qoʻmitasining 15-yigʻilishining samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, Yevropa Ittifoqining yetakchi kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish zarurligi qayd etildi.

    Turli daraja va shakllarda boʻlib oʻtadigan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

    Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar bilan birgalikda Orolboʻyi mintaqasining ekologik jihatdan zaif mintaqasida ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.

    Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.