Abdulaziz Kamilov Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 9 Dekabr 2021 1239

    2021-yil 8-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luidji Di Mayo bilan uchrashdi.

    Ikkinchi vazirlar uchrashuvi samarali boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etib, mazkur shakldagi muloqot Italiya va mintaqa mamlakatlari oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim sohalarida koʻp qirrali va barqaror hamkorlikni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega ekanligini taʼkidladilar.

    Yigʻilishda ikki tomonlama qoʻshma tadbirlar, jumladan, 2022-yilda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorlik va eksport kreditlari boʻyicha Oʻzbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining 7-yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    Parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni, xususan, Samarqand viloyati va Lombardiya hududi oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish, oʻzaro sayyohlik oqimini koʻpaytirishga har ikki tomon tayyorligi bildirildi.

    2022-yilda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini qoʻshma tadbirlar orqali nishonlashga alohida eʼtibor qaratildi.

    Muloqotda ikki davlatning xalqaro tashkilotlar doirasidagi oʻzaro hamkorligi masalalari ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.