Uning taʼkidlashicha, ushbu kengashga qoʻshilish qarori, avvalo, mintaqaviy xavfsizlik ehtiyojlaridan kelib chiqqan. Kengashning asosiy maqsadlari Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga toʻliq mos keladi.

«Iqtisodiy forum kun tartibida koʻplab siyosiy masalalar, xususan, Gʻazo sektoridagi inqiroz va uni hal etish yoʻllarini topish vazifasi turibdi. Yaqinda Donald Tramp tomonidan taklif etilgan „Tinchlik kengashi«ning bosh maqsadi ham aynan Yaqin Sharqdagi keskinlikni yumshatish va Gʻazo inqiroziga barham berishdir», — dedi Prezident maslahatchisi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaganini qayd etar ekan, Kamilov buning uchta muhim sababini sanab oʻtdi:

  1. Milliy xavfsizlik: Mintaqadagi barqarorlik bevosita Oʻzbekiston xavfsizligiga taʼsir qiladi.
  2. Tashqi siyosiy tamoyillar: Kengash oldiga qoʻyilgan vazifalar mamlakatimizning tinchliksevar siyosatiga hamohang.
  3. Strategik manfaatlar: Yaqin Sharq mintaqasida Oʻzbekistonning hayotiy muhim manfaatlari mavjud.

Maslahatchi Oʻzbekistonning Yaqin Sharqdagi nizoli hududlardan oʻz fuqarolarini qaytarib kelish boʻyicha tajribasiga ham toʻxtaldi. Unga koʻra, adashib ekstremistik guruhlarga qoʻshilib qolgan shaxslarni reintegratsiya qilish boʻyicha Oʻzbekiston modeli BMT va xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholangan.

“Prezidentimizning bu boradagi siyosati butun dunyo uchun namuna boʻla oladi. Bizning ushbu mintaqadagi asosiy maqsadimiz — oʻz xavfsizligimizni taʼminlash va ekstremizm oʻchoqlarini bartaraf etishda ishtirok etishdir”, — deya taʼkidladi u.

Shuningdek, Abdulaziz Kamilov Yaqin Sharqdagi beqarorlik Markaziy Osiyoga, xususan, qoʻshni Afgʻonistonga qanday taʼsir qilishini tushuntirib berdi. Uning soʻzlariga koʻra, Afgʻonistondagi koʻplab terrorchilik guruhlari aynan Yaqin Sharqdagi nizoli hududlardan kirib kelgan.

“Yaqin Sharq muammosini hal qilish faqatgina AQSH yoki arab davlatlarining ishi emas. Buning uchun xalqaro hamjamiyat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari ham jipslashishi kerak. Har bir qadamni puxta oʻylab bosish orqali tinchlik va barqarorlikka erishish mumkin”, — dedi Kamilov.

Prezident maslahatchisi Oʻzbekistonning ushbu sammitdagi ishtiroki mamlakatning jahon siyosatidagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat ekanini aytdi. Bu nafaqat Oʻzbekistonga boʻlgan yuksak ishonch, balki mamlakatning xalqaro maydondagi muhim va jiddiy ishtirokchi sifatida tan olinishidir.