Abdulaziz Kamilov SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi direktori bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 7 Dekabr 2021 1506

    2021-yilning 7-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) Ijroiya qoʻmitasi direktori lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Jumaxon Gʻiyosovni qabul qildi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tashkilotga aʼzo davlatlarning terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashdagi oʻzaro hamkorligini taʼminlash boʻyicha SHHTning asosiy organi boʻlgan MATT faoliyatiga katta ahamiyat qaratyapti.

    Vazir J.Gʻiyosovning tashkilotni yanada rivojlantirish va SHHTga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning ijobiy surʼatini taʼminlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.

    Oʻz navbatida, J.Gʻiyosov oʻz missiyasini muvaffaqiyatli bajarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi faoliyatiga koʻrsatilayotgan koʻmak uchun Oʻzbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.

    2022-yil 1-yanvardan SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi direktori lavozimida Oʻzbekiston vakili Ruslan Mirzayev faoliyatini boshlaydi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.