Abdulaziz Kamilov Vashington shahrida AQS Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 2 Iyul 2021 518

    2021-yilning 1-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Vashington shahrida Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirish va kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    Davlat departamenti rahbari Oʻzbekiston-Amerika munosabatlari uzoq tadrijiy yoʻlni bosib oʻtganligi va hozirda oʻz taraqqiyotining choʻqqisiga chiqqanligi toʻgʻrisidagi fikrni bildirdi. Entoni Blinken ikki tomonlama hamkorlik kengayayotganligini va borgan sari mustahkamlanayotganligini eʻtirof etdi. Shu bilan birga tomonlar strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirish uchun ulkan salohiyat borligini taʻkidladi.

    Davlat kotibi Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini, jumladan, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlar va demokratik oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatladi.

    Davlat departamenti rahbari mintaqa davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi Oʻzbekiston tashabbuslarini yuqori baholadi. “C5+1” shakli doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida eʻtibor qaratildi.

    Amerika tomoni Afgʻoniston Islom Respublikasida mustahkam tinchlik va barqarorlikka erishish, mintaqaviy bogʻliqlikni jumladan Afgʻoniston bilan yaqin siyosiy va iqtisodiy hamkorlik qilish orqali kengaytirish borasidagi saʻy-harakatlari uchun Oʻzbekistonga minnatdorlik bildirdi va bu Markaziy va Janubiy Osiyo makonining taraqqiyoti hamda oʻsishini taʻminlash maqsadlariga xizmat qilishini aytib oʻtdi.

    Suhbat yakunida Oʻzbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari AQSh Davlat kotibini joriy yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaga taklif etdi.