Abdulaziz Komilov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afgʻonistonda boʻldi

    Xalqaro hamkorlik 23 Mart 2023 1078

    Toshkent va Kobul ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afgʻoniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalarni muhokama qildi.

    TIV maʼlumotiga koʻra, Kobulda Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston Bosh vaziri oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul Gʻani Barodar, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa aʼzolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afgʻoniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

    Muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, “Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar” temir yoʻlini qurish, “Surxon–Puli-Xumri” yoʻnalishi boʻylab elektr tarmogʻini tortish masalalari alohida koʻrib chiqildi.

    Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq oʻtish zarurligini taʼkidladilar va ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

    Muloqotlar chogʻida ayollar huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afgʻonistonda taʼlim olishini taʼminlash, shuningdek, Termiz shahridagi Taʼlim markazi negizida afgʻon kadrlarini tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.

    Uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Muzokaralar oʻzaro anglashuv ruhida oʻtdi va muhokama qilingan masalalar yuzasidan tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirishdi.