Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri bilan muhim masalalarni muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 31 Iyul 2021 530

    Bugun Seulda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi alohida strategik sheriklikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash, jumladan, parlament diplomatiyasini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

    Spiker shu yilning aprel oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvini iliq soʻzlar bilan esladi.

    Tomonlar joriy yilning iyun oyida har ikki parlamentda tuzilgan “doʻstlik guruhlari”ning onlayn uchrashuvining samarali natijalarini hamda guruhlar faoliyatini faollashtirish muhimligini qayd etdilar.

    Yaqinlashib kelayotgan tarixiy sanalar – diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va 2022-yilda koreys diasporasining Oʻzbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini keng nishonlash yuzasidan fikr almashildi.