Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida xabar berilishicha, boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida ikki mamlakatning oʻzaro manfaatli sohalardagi sermahsul hamkorlik qilayotganligi qayd etildi. Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning koʻplab mintaqaqiy va xalqaro masalalar boʻyicha maqelari yaqin boʻlib, bu koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida izchil hamkorlikni davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani eʼtirof etildi.

Turli darajalarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlar jadvali va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Markaziy Osiyoda davlatlararo aloqalarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi. Hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, yangi bozorlarga eksport hajmini oshirish yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi e’tirof etildi.

Qirg‘iziston tomoni joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.