Har ikki davlat delegatsiyasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida Abdulla Aripov iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalar borasida gapirib oʻtdi.

— Bizdagi statistikaga koʻra soʻnggi uch yilda har ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalari ikki yarim barobarga oshdi. Oʻzbekistonning Tojikistonga eksporti 2,1 barobarga oshgan boʻlsa, Tojikiston eksporti qariyb 5 barobar ortdi. Bundan kelib chiqadiki, bizning munosabatlarimiz faqat bir tomonlama manfaatli hamkorlik emas, balki har ikki tomonga naf keltiradi.

Joriy yilda pandemiya tufayli Oʻzbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash pasaydi, ammo faqat Tojikiston bilan oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga oshib, 317 million dollarni tashkil etdi.

Yaqin yillarda oldimizga qoʻyilgan vazifa — oʻzaro tovar aylanmasini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish imkoniyatiga egamiz.

Fursatdan foydalanib, joriy yilda suv tanqis boʻlishiga qaramasdan, qoʻshimcha suv yetkazib berganingiz uchun Tojikiston tomoniga alohida minnatdorlik bildiramiz.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalarda xususan, ilmiy markazlar oʻrtasida tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan, navbatdagi ishchi guruh yigʻilishini Toshkentda oʻtkazishni taklif qilamiz.

Pandemiya vaqtida bir birimizni qoʻllab-quvvatlaganimiz hamkorlikning qay darajada mustahkam ekanini bildiradi. Oʻzbekiston bu hamkorlikni davom ettirishga tayyor, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov.

Bosh vazir tomonidan koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashgach, quyidagilarni amalga oshirish taklif etildi.

- Har ikki davlat ziyolilari forumini oʻtkazish
- Ikki davlat yoshlarining oʻzaro tashrifini amalga oshirish
- “Bitta sayohat turi butun mintaqa boʻylab” tamoyili ostida, Buyuk Ipak yoʻli brendini rivojlantirish va ziyorat turizmi loyihalarini birgalikda amalga oshirish.
- Taʼlim va tibbiyot borasida hamkorlikni rivojlantirish
- Oʻzbekistonda Tojikiston madaniyati kunlarini oʻtkazish
- Dushanbe shahrida oʻzbek va tojik sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturlarini tashkil etish.

Oʻz navbatida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Kohir Rasulzoda ham tashrif uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.

— Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida yechimini topmagan masala qolmadi. Hurmatli Abdulla Nigʻmatovich, ushbu majlis tashkil etilgani va undagi ishtirokingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman.

Majlis davomida qabul qilingan qarorlar ikki tomonlama bajarilishiga ishonaman.