Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tashkil etiladi

    “Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-231-son, 21.06.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti (Institut) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda pedagogik mahorat markazlari tashkil etiladi.

    Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufidagi Respublika pedagogik taʼlim resurs markazi faoliyati ularni Institutga qoʻshish orqali tugatiladi.

    Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.

    Shuningdek, 2024/2025 oʻquv yilidan maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi joriy qilinadi.

    Bunda:

    • Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boʻysunuviga oʻtkaziladi;
    • maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha “Virtual kasbiy rivojlantirish” elektron dasturi joriy etiladi.