Abdulla Qahhor – XX asr o'zbek adabiyotining zabardast adibi

    O'zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavallud topgan kun (17 sentyabr`) munosabati bilan Adiblar xiyobonida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Havo hujumidan mudofaa qo'shinlari va Harbiy havo-kuchlari qo'mondonligi hamda Toshkent harbiy prokuraturasi hamkorligida “Abdulla Qahhor – XX asr o'zbek adabiyotining zabardast adibi” mavzusida tadbir bo'lib o'tdi.

    Tadbirni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari, taniqli shoir Minhojiddin Mirzo ochib berdi. U Abdulla Qahhorning o'zbek adabiyotiga hikoya janrining tengsiz ustasi bo'lib kirganligi, qolaversa, uni hatto “o'zbek CHexovi” deb ham nomlashlari, uning hikoyalarida o'zbek xalqining eng yaxshi jihatlari — sog'lom aqli, hajviylikka yo'g'rilgan hayotiy donoligi namoyon bo'lganligini ta'kidladi.

    Anjumanda O'zbekiston san'at arbobi Ibrohim G'ofurov so'zga chiqib, Abdulla Qahhor o'ziga xos uslubi bilan chinakam milliy rassom hisoblanishi, mavzu va voqelikni u o'zbekchilik haqiqatidan olganligi, uning qahramonlari ushbu muhitni ilgari surgan ro'zg'ori, marosimlari, odatlari va xulqi bilan uzviy bog'liqligi xususida o'z mulohazalarini bildirishdi.

    Anjumanda O'zbekiston xalq artistlari Dilbar Ismoilova hamda Dono Boboxonovalar tomonidan Abdulla Qahhor qalamiga mansub “Ayajonlarim” komediyasidan ijro etilgan sahna ko'rinishi davraga yanada o'zgacha kayfiyat, ko'tarinki ruh bag'ishladi.

    Tadbirda so'z olgan Abdulla Qahhor uy muzeyi direktori Sanobar Matlubova, Havo hujumidan mudofaa qo'shinlari va Harbiy havo-kuchlari qo'mondonligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a'zolari bilan ishlash bo'yicha etakchi mutaxxassisi – Dilbar Husanovalar Abdulla Qahhor ijodida tinchlik va barqarorlik mavzusi alohida mahorat bilan qalamga olingani, O'zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida muhim ahamiyatga ega ekanligi borasida fikr -mulohaza bildirdilar.

    Muxtasar QODIROVA,

    Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi

    Axborot xizmati mul`timedia bo'limi etakchi mutaxassisi