Sudda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hayʼatining 1926-yil 16-iyundagi hukmi bilan taniqli adib Abdulla Qodiriy O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida (kontrrevolyutsion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish va tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq, O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi Rayosatining 1926-yil 17-iyundagi qaroriga asosan adib jazodan ozod etilgan.

Abdulla Qodiriyga nisbatan 1926-yilda ochilgan tergov ishi delosi
Foto: “Daryo” / Musulmonbek Ibrohimov

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatining bugungi sud majlisida Abdulla Qodiriyning nabirasi Habibullo Qodiriy tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi. Natijada Abdulla Qodiriyga nisbatan chiqarilgan O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hayʼatining 1926-yil 16-iyundagi hukmi bekor qilinib, uning harakatlarida O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli aybsiz deb topilib, oqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Qodiriy 1938-yilda nohaq otib tashlanganlik holati bo‘yicha 1957-yilda oqlangan.

Adib 1926-yilda hukumat rahbarlarini obro‘sizlantirishda ayblangan va tergov jarayonlari o‘tkazilgan. Bunga “Mushtum” jurnalida “Yig‘indi gaplar” nomli maqolasi sabab bo‘lgan.

Qodiriy “Men maʼnaviy o‘ldirildim, endi men uchun jismoniy o‘lim hech narsa emas”, degan jumlani o‘sha sud jarayonidan keyin aytgan.

Bugungi sud jarayonida Abdulla Qodiriy tergovda nohaq ushlab turilgani holati Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, yozuvchi oqlandi.

Shuningdek, Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatining ochiq sud majlislarida sovet davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgacha oqlanmagan 174 nafar shaxsga oid jinoyat ishlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari keltirgan protestlar ko‘rib chiqilmoqda.