Har ikki yillikning nufuzli musobaqasida sportchilar 13 ta vazn toifasida ringga ko'tarilishdi. Mazkur jahon chempionatida mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida 5 nafar buxorolik charm qo'lqop ustalari O'zbekiston sharafini himoya qilishdi. Quvonarlisi, chempionatda Abdumalik Xalakov finalgacha etib bordi. Hal qiluvchi bahsda u frantsiyalik Sofian Umidga qarshi jang olib bordi va teng kurashlar ostida kechgan bellashuvda imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo'ldi.
Bugun, 22 noyabr` kuni Abdumalik ona shahri Buxoroga qaytdi. Sportchimiz va uning murabbiylari Buxoro temiryo'l vokzalida tantanali tarzda kutib olindi.
So'ng viloyat hokimligida Abdumalik Xalakov va uning murabbiyi Davron G'afurovni taqdirlashga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
— Barchamiz Jahon chempionatini katta hayajon va qiziqish bilan kuzatib bordik. SHuni alohida mamnuniyat bilan aytib o'tmoqchimanki, bu chempionatga yo'llanmani qo'lga kiritish va unda ishtirok etishning o'zi bir sharaf. Nufuzli musobaqada O'zbekiston terma jamoasining asosiy qismi Buxoro viloyatidan ekanligini barchamizni quvontirdi. SHunday ekan, chempionat bellashuvlarida ishtirok etgan barcha sportchilarimizga va ularning ustoz, murabbiylariga alohida minnatdorchilik bildiraman, – dedi viloyat hokimi Botir Zaripov uchrashuvda.
Bokschi va uning murabbiyi Davron G'afurovga pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi. SHuningdek, ularga zarbof to'nlar kiydirilib, yuksak ehtirom ko'rsatildi.
— Jahon chempionatida bunday yuqori natijalarga erishishimda albatta murabbiylarimning hissalari katta. Ayniqsa, bizga ishonch bildirib, shunday sharoitlarni yaratib bergan davlatimiz rahbari hamda hukumatimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Kelgusida bundan ham yirik musobaqalarda munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog'ini yanada yuqori ko'tarishga so'z beraman, – deydi Abdumalik Xalakov.
Shuningdek, tadbirda hokim o'rinbosarlari, viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari, viloyat prokurori, soliq boshqarmasi boshlig'i, viloyat turizm va sport boshqarmasi boshlig'i, MOQ buxoro viloyat vakili hamda boks murabbiylari ishtirok etishdi.
Rustam Rahimboev,
Curat: Viloyat hokimligi Matbuot xizmati