3-fevral kuni Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi, qarorgohi London shahrida joylashgan elchixonasiga “Manchester Siti” aʼzosi Abduqodir Husanov tashrif buyurdi.
Favqulodda va muxtor elchi Ravshan Usmonov bilan kechgan samimiy suhbatda yosh futbolchimizning APL top klubidagi faoliyati, sport sohasida bosib oʻtgan mashaqqatli yoʻli, qiziqishlari va diyorimizda millionlar oʻyiniga qaratilayotgan alohida eʼtibor xususida soʻz bordi.
Elchi Abduqodir Husanovni oʻzbek futboli iftixori deb atab, uning dunyoning eng kuchli ligalaridan biridagi muvaffaqiyatli yoʻli yosh avlod uchun katta ilhom manbai boʻlishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, futbolchi Vatanining qoʻllab-quvvatlashi qanchalik muhim ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston nomini jahon arenasida sharaf bilan namoyon etish uchun yanada qattiq mehnat qilishga vaʼda berdi.
Uchrashuvda shuningdek, Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish va yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalar muhokama qilindi. Suhbat oʻzaro muvaffaqiyat tilash va sportchi bilan ona Vatani oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi rejalar bilan yakunlandi.
"Manchester Siti" klubi himoyachisi hamyurtimiz Abduqodir Husanovga doimiy muvaffaqiyat tilaymiz", – deb yozgan diplomat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uchrashuv yakunida legionerimiz dastxati tushirilgan 45-raqamli futbolkasini elchixona maʼmuriyatiga esdalik sifatida hadya qildi.