Joriy yilda onlay roʻyxatdan oʻtish tartibi avvalgi yillardagidan koʻp farq qilmaydi. Bu yil ham dasturiy texnik taʼminot takomillashtirildi. Masalan, imtiyoz boʻyicha maʼlumotlar ularni taqdim etadigan vazirliklar tomonidan Davlat test markazining imtiyozlarni qayd etish maqsadida tashkil etilgan maxsus platformaga kiritildi hamda Davlat test markazi bazasiga integratsiya qilindi.

Bu yil ham:

- roʻyxatdan oʻtishni abituriyent uyidan chiqmagan holda Davlat test markazining my.dtm.uz sayti, yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining my.gov.uz sayti orqali ham amalga oshirishi mumkin;

- abituriyent test sinovini topshirishda oʻziga maʼqul hududni tanlaydi;

- fanlar majmuasi va fanlar ketma-ketligi bir xil boʻlgan 5 tagacha taʼlim yoʻnalishini tanlashi mumkin;

- milliy sertifikati boʻlsa, undan foydalanishni tasdiqlashi yoki rad etishi talab etiladi;

- shular bilan birga, ustuvorlik hamda maqsadli qabul boʻyicha tanlovini belgilaydi;

- maʼlumot kiritilganda abituriyent shaxsi davlat personallashtirish markazi bazasi orqali tekshiriladi;

- agar abituriyentning imtiyozi boʻlsa, u imtiyozlar boʻlimida avtomatik tarzda chiqadi (agar chiqmasa, abituriyentga imtiyozni taqdim etgan vazirlik va idoraga murojaat qilishi kerak);

- chet tillari boʻyicha milliy yoki xalqaro sertifikat mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar abituriyent tomonidan qoʻlda kiritiladi, ushbu maʼlumotlar tekshiriladi;

- abituriyent kiritgan maʼlumotlarini 20-iyulgacha tahrirlashi mumkin (masalan, taʼlim yoʻnalishini oʻzgartirish, shu vaqtda chet tilidan sertifikat olsa, uni kiritish, test sinovi topshirish hududini oʻzgartirishi va h.);

- toʻlovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar:

nogironligi boʻlgan shaxslar;

toʻliq davlat taʼminotidagi shaxslar;

taʼlim muassasalarini joriy yilda tugatgan abituriyentlar toʻlovni amalga oshirmaydi (toʻlov uchun invoys chiqmaydi);

shuningdek, bu yildan:

ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimiga kiritilgan shaxslar va ularning farzandlari;

yoshlar daftariga kiritilgan yoshlar ham toʻlovdan ozod qilingan;

- raqami kiritilgan telefonni almashtirmaslik kerak (1 ta telefon 1 kishi uchun talabi);

- onlayn roʻyxatdan oʻtuvchi abituriyentlar uchun yo biopasport yoki aydi karta talab etiladi – ikkalasidan bittasi;

- agar tugatgan taʼlim muassasasi nomi chiqmasa, dasturdan “Boshqa oʻquv yurti” tanlanib, u yozma kiritiladi.

Yana bir muhim masala – bugunga qadar tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan kvotalarni tillar kesimidagi taqsimoti amalga oshirildi va bazaga qoʻyildi. Bugundan boshlab 5 ta taʼlim yoʻnalishini tanlash mumkin boʻladi.

IELTS sertifikat seriyasi va raqamiga nima kiritiladi degan mazmunda savollar kelib tushmoqda. Sertifikatining quyi qismida “Test Report Form Number” mavjud boʻlib, sertifikat seriyasi va raqamiga “Test Report Form Number” kiritiladi.

Shaxsiy kabinetimdagi pasport maʼlumotlarini qanday oʻzgartirsam boʻladi?

“Shaxsiy maʼlumotlarni yangilash” (https://my.dtm.uz/pasport-change) boʻlimiga ID -karta seriyasi va raqamini kiritib, “Saqlash” tugmasini bosish lozim.