Shu qutlugʻ sana munosabati bilan “Abu Ali ibn Sino – Oʻzbekiston faxri va jahon mulki” mavzusida xalqaro ilmiy-maʼrifiy onlayn anjuman boʻlib oʻtdi. Ibn Sino jamoat fondi tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbirda Germaniya, Belgiya, Fransiya, Isroil, Turkiya, Hindiston va Oʻzbekistonning yetakchi mutaxassislari, ekspertlar, tabib, shifokorlar, farmatsevt, tarixchi olimlar, sharqshunos, faylasuf, biolog hamda kimyogarlar ishtirok etdi.
Maʼlumki, ibn Sinoning boy ilmiy merosi insoniyatga hamon gʻurur va iftixor bagʻishlab kelmoqda. Alloma Sharq va Gʻarb ilm-fani, maʼrifati, madaniyat taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatgani bois, oʻz davrida “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshligʻi”, “Tabiblar podshohi” kabi yuksak maqomlarga sazovor boʻlgan. “Tib qonunlari” asari esa asrlar davomida tabobatning mufassal qomusi boʻlib qolmoqda.
Xalqaro anjumanda soʻzga chiqqan oʻzbekistonlik olimlar Abu Ali ibn Sinoning oʻz davridagi innovatsion gʻoyalari, tibbiyot falsafasi, xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlashdagi oʻrni, stomatologiya rivojidagi hissasi, axloqiy va tarbiyaviy qarashlari haqida maʼruzalar oʻqidi.
Xorijlik soha mutaxassislari esa COVID-19 profilaktikasi va uni davolashda ibn Sino oʻgitlari, Yevropada Avitsenna ruhi va taʼsiri, Hindistonda ibn Sino merosini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar haqida maʼlumotlar berdi.