Abu Dabida kichik Oʻzbekiston ochildi

    Abu Dabi amirligining Al Vatba hududida 18-noyabr kuni boshlangan “Shayx Zoid” festivali doirasida “Oʻzbekiston” pavilyonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur pavilyon Oʻzbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, unda davlat ramzi hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirda Qatardagi futbol boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston turizm salohiyatini targʻib qilish uchun Samarqanddan yoʻlga chiqqan va ayni damda Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib turgan delegatsiyamiz ham ishtirok etdi.

    Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilyonlari, yangi qoʻshilgan Sanʼat shaharchasi, “Selfie street ” maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilyonlari tashkil etildi.

    Festival davomida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning BAAdagi diplomatik vakolatxonalarining vatandoshlarga yoʻllangan tabriklari, oʻzbek milliy kuylari, sanʼatkorlar chiqishlari, hunarmandlarning mahorat darslari tashkil yetildi va Davlat bayrogʻimiz hamda Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan videorolik shaharchaning markaziy maydonidagi yekranlarda namoyish etildi. Oʻzbekiston paviloni tomonidan Davlat bayrogʻi kuni munosabati bilan tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.

    Qatardagi futbol boʻyicha Jahon chempionatida Oʻzbekiston turizm salohiyatini targʻib qilish uchun avtotransportda yoʻlga chiqqan taniqli blogerlar jamoasi Davlat bayrogʻini nishonlash tadbiriga taklif yetilib, tadbir jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi, markaziy televideniyelarda yoritish uchun materiallar jamlandi.

    Tadbir soʻngida BAAdagi vatandoshlar, sanʼatkorlar guruhi va blogerlar jamoasi bilan birgalikda festival asosiy maydoni boʻylab Oʻzbekiston bayrogʻi ostida parad uyushtirildi.