«Abu Dhabi Chess Festival 2024»da o‘zbekistonlik shaxmatchilar yetakchilik qilmoqda

    Sport 23 Avgust 2024 134

    Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida davom etayotgan «Abu Dhabi Chess Festival 2024» turnirining "Masters" guruhining 8-tur ostonasida mahoratli shaxmatchimiz Shamsiddin Vohidov 6 ochko jamg‘argan holda yakka peshqadamga aylanib oldi.

    Mukofot jamg‘armasi 63 ming 600 AQSH dollaridan iborat nufuzli turnirning 7-turida Shamsiddin qora donalarda hindistonlik Pranavni mag‘lub etgani turnirning eng shov-shuvli natijalaridan biri sifatida e’tirof etildi.

    Abu-Dabi bahslari davomida hali biron bir o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan Nodirbek Yoqubboyev ushbu turda FIDE bayrog‘i ostida harakatlangan David Paravyan bilan murosa yo‘lini tanladi. Yana bir iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov oq donalarda hindistonlik Luke Mendonsa bilan durang o‘ynadi.

    Ortda qolgan 7-turda shaxmatchilarimizdan Abdumalik Abdusalimov, Ortiq Ne’matov va Bahrom Bahrillayev raqiblaridan ustun kelgan bo‘lsa, Muhammadzohid Suyarov, Saidakbar Sayidaliyev va Afro‘za Hamdamova durangga imzo chekdi.

    «Abu Dhabi Chess Festival 2024» turnirida Shamsiddin Vohidov 6 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Nodirbek Yoqubboyev 5,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 2-o‘rinda bormoqda. Javohir Sindorov, Abdumalik Abdusalimov va Ortiq Ne’matov hisobida 5 tadan ochko mavjud.

    Bugun, 23 avgust kuni 8-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Shamsiddin Vohidov oq donalarda hindistonlik Raunak Sadxvani bilan, Nodirbek Yoqubboyev braziliyalik Luis Paulo Supi bilan kuch sinashadi.