Abu Muin Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasi tashkil etildi

    Urbanizatsiya 4 Mart 2021 1605

    Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Qashqadaryo viloyati Madaniyat boshqarmasi tarkibida davlat muassasasi shaklida yuridik shaxs maqomidagi Abu Muin Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasini tashkil etiladi.

    Qarshi tumani “Qovchin” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Abu Muin Nasafiy majmuasida joylashgan bino va inshootlarni Direksiyaga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin beriladi.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi Aqida ilmi maktabi Majmua binosida tekin foydalanish huquqi beriladi.

    Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilangan:

    – islom ilm-fani, xususan, aqida ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Abu Muin Nasafiy ilmiy merosini oʻrganish va keng targʻib etish;

    – buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi haqida xalqchil va ommabop risolalar nashr etish;

    – Majmuadagi maydonlar, koʻchalar, parklar, favvoralar hamda boshqa tashqi obodonlashtirish obyektlarini shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalariga muvofiq saqlash va ulardan foydalanish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli tashkil etish;

    – koʻkalamzorlashtirish obyektlarini saqlash va ulardan foydalanish, daraxtlarni, butalarni, gullarni parvarish qilish va koʻkalamzorlashtirilgan maydonchalarni taʼmirlash boʻyicha zarur tashkiliy-agrotexnika ishlarini amalga oshirish;

    – mukammal va joriy taʼmirlashga doir pudrat shartnomalari tuzish hamda sunʼiy sugʻorish tizimlari, nasos stansiyalari, quduqlar, yoʻl va yoʻlkalar qattiq qoplamalarining soz holatda boʻlishini taʼminlash;

    – arxitektura inshootlaridan foydalanish, ularni joriy va mukammal taʼmirlash ishlarini tashkil etish, shuningdek, soz holatda saqlash;

    – ignabargli va manzarali oʻsimliklarning qimmatli turlarini saqlash, ularni parvarishlash, joylashtirish hamda saqlab qolish ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, yashil maysalarni saqlash, ularning zararkunandalariga va kasalliklariga qarshi kurashishga doir kompleks agrotexnika tadbirlarini, xizmat koʻrsatiladigan hududni yana-da koʻkalamzorlashtirish va obod qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

    – zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda tashqi yoritish tarmoqlarini, sunʼiy sugʻorish va favvoralar tizimlarini saqlash va ulardan foydalanish.

    2021-yilda Abu Muin Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasini taʼminlash uchun zarur maxsus avtotransport vositalari va asbob-uskunalar yetkazib beriladi.

    Qashqadaryo viloyati hokimligiga Direksiyani malakali muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari bilan taʼminlash, Direksiyaga zarur maʼmuriy va ishlab chiqarish binolari ajratish va joylashtirish vazifasi yuklatilgan.

    Obodonlashtirish ishlari shaharsozlik norma va qoidalari, sanitariya normalari va qoidalariga qatʼiy rioya etgan, shuningdek, Majmua va uning tashqi qiyofasiga zamonaviy talablarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

    Direksiya direktori Qashqadaryo viloyati hokimligi tavsiyasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.