Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Chilonzor tumanidagi “Abu Saxiy” buyum bozoridagi avtoturargohda avtomobil yongani haqidagi xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi holat yuzasidan ma'lumot berdi.

Tuman IIOFMB va tuman FVB mutasaddilarining ma'lumot berishicha, joriy yilning 27-oktyabr kuni soat taxminan 6:52 larda  “Toshkent savdo markazi” hududida joylashgan ko'p qavatli avtoturargohning 5-qavatida Boyigitov Aliqo'zi Tillaboldiyevichga tegishli davlat raqami 01 L 250 VV bo'lgan “Orlando”  rusumli avtoulovning dvigatel` qismida texnik nosozlik sababli qisqa tutashuv bo'lgan. Natijada, avtoulov kapot ostidagi elektr simlarida yong'in kelib chiqqan.

Mazkur holat “Toshkent savdo markazi” Yong'in xavfsizligini ta'minlash xodimlari tomonidan soat 7:10 larda to'liq   bartaraf etilgan. Yong'in oqibatida hech kimga zarar yetmagan, shuningdek, bino va atrofdagi boshqa avtoulovlarga ham zarar yetkazilmaganligi ma'lum bo'ldi.

Chilonzor tumani FVB mas'ullarining ma'lumotiga ko'ra bu yong'in haqida Toshkent shahar FVBga xabar kelib tushmagan. Hozirda tuman FVB tomonidan avtoturargohda yong'in sabablari va yong'in xavfsizligi holatlari tekshirilmoqda.