Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov aytib oʻtdi.
Tahlillarga koʻra, soʻnggi 6-yilda 791 nafar shaxs davlat xaridlaridagi noqonuniy xatti-harakatlari boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. Majlisda Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza koʻrib chiqilmoqda.
– Ushbu sohada maʼmuriy javobgarlik holati ham oshib bormoqda. Masalan, 2022-yilda 662 ta, 2023-yilda 1 ming 376 ta, 2024-yilda 1 ming 334, joriy yilning 6 oyida esa 658 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilgan.
Qonunbuzilish holatlarining asosiy qismini xaridlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish, qimmat narxlarda qabul qilish, tanlov va tender oʻtkazish tartiblarini buzish, xaridlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni portalga kiritmaslik, xarid turini notoʻgʻri tanlash, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyish kabi holatlar tashkil etmoqda, — dedi agentlik direktori.
Vaholanki, korrupsiyaning oldini olish borasida davlat xaridlari maxsus axborot portalida tovar (ish, xizmat)larning narxlarini jamoatchilik uchun shaffofligi taʼminlandi. Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha masofaviy monitoring qilish tartibi, davlat xaridlarida yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritishning maʼmuriy reglamenti, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka masʼul xodimlarini oʻqitishga moʻljallangan “E-learning” taʼlim platforma (data.anticorruption.uz) ishga tushirilgan. Shuningdek, davlat xaridlari raqobatli tarzda amalga oshirilishi natijasida 2024-yilda 13,8 trillion soʻm mablagʻ iqtisod qilingani aytib oʻtildi.









