Consumer Electronic Show 2023 (CES 2023) texnokoʻrgazma doirasida Acer kompaniyasi bir vaqtning oʻzida sport bilan shugʻullanish va kompyuterda ishlash imkonini beruvchi noodatiy mashq velosipedini taqdim etdi.
EKinekt BD 3 nomini olgan yangilikdan kompyuterda ishlash jarayonida foydalanish mumkin – u ish stoli bilan birlashtirilgan velotrenajyordan iborat.
Shuningdek, unda stakan qoʻyiladigan joy, sumka yoki ryukzak uchun ilgak, kompyuter yoki boshqa gadjetni zaryadlash uchun USB Type-A va USB Type-C ulagichlari bor. Eʼtiborga loyiq jihati – mashq paytida eKinekt BD 3 elektr energiyasini ishlab chiqarishi mumkin. U sekundiga 60-marta aylanganida 75 vattgacha quvvat ishlab chiqaradi.
Noodatiy trenajyor velosiped 2023-yilning yozida sotuvga chiqariladi. Acer yangi mahsulot uchun 999 dollar soʻramoqda, bu taxminan 11,3 mln soʻmga teng.