Muzokaralar chogʻida tomonlar amaldagi qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish, shuningdek, muqobil energiya sohasida investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi negizida quvvati 1500 MVt boʻlgan kombinatsiyalashgan siklli issiqlik elektr stansiyasi qurilishining borishi muhokama qilindi hamda Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurish ishlarini boshlashni jadallashtirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Kompaniya yangi keng koʻlamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Oʻzbekistonda oʻz ishtirokini kengaytirish niyatida ekanligi maʼlum qilindi. Xususan, tomonlar Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy quvvati 1,5 GVtgacha boʻlgan yangi shamol elektr stansiyalarini qurish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Bu loyihalar Oʻzbekiston Hukumatining 2030-yilga borib mamlakat elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi miqdorini 3 GVtga yetkazishga qaratilgan mamlakat energiya balansini diversifikatsiya qilishga oid dasturning bir qismidir. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi bilan yiliga uglerod chiqindilarini 1,6 million tonnaga kamaytirish hamda Oʻzbekiston Hukumati tomonidan 2030-yilga borib mamlakat energiya quvvatlarining 25%ni qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtkazish boʻyicha belgilangan maqsadlariga erishish kutilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi faoliyati muhokama qilindi. Jumladan, sogʻliqni saqlash, neft-gaz sohasi, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, raqamlashtirish va turizm sohalaridagi qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi. Muloqot doirasida tomonlar Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi Hukumatlararo komissiyasining toʻrtinchi yigʻilishini, shuningdek, Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yigʻilishini oʻtkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Muzokaralar yakunida amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: “ACWA Power” kompaniyasi elektr stansiyalarini, shuningdek, suvni chuchuklantirishga moʻljallangan sanoat inshootlarini qurish, loyihalash, moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan. Kompaniya taxminan 3 500 kishini ish bilan taʼminlaydi. Saudiya Arabistoni kompaniyasi xalqaro maydondagi faoliyatini Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 mamlakatda amalga oshiradi. “ACWA Power” portfeli 38,7 GVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi quvvatlaridan iboratdir.