“ACWA Power” Oʻzbekistonda oʻz mavqeini mustahkamlamoqchi

    Energetika 19 Aprel 2022 1066

    Ar – Riyod shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida saudiyalik investor tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan energetik loyihalarning hozirgi holati, ularni kengaytirish imkoniyatlari, shuningdek, kompaniyaning Oʻzbekistondagi investitsiya portfelini koʻpaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    “ACWA Power” – Oʻzbekistonning anʼanaviy va muqobil energetika sohalaridagi eng yirik hamkorlaridan biridir. Uning hozirgi investitsiyaviy portfelida umumiy qiymati qariyb 2,5 milliard dollarlik 4 ta loyiha bor. Saudiya Arabistoni kompaniyasi tomonidan mamlakatda yaratilgan energiyani ishlab chiqaruvchi quvvatlarining umumiy hajmi 2,6 GVtdan oshadi.

    Tomonlar qurilish ishlarini jadallashtirish va amalga oshirilayotgan loyihalarning muvaffaqiyatli yakunlanishini taʼminlash boʻyicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qildilar. Ularning amalga oshirilishi mamlakatning umumiy energiya ishlab chiqarish quvvatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 2026-yilga kelib 25 foizga yetkazish boʻyicha rejalashtirilgan ishlarning amalga oshirilishiga katta hissa qoʻshadi.

    Energetika sohasining jadal rivojlanishi Oʻzbekistonda korxonalari energetika loyihalariga boʻlgan talabni taʼminlay oladigan turdosh tarmoqlarning rivojlanishiga ham turtki berishi taʼkidlandi.

    Shuningdek, mamlakat energetika sohasi uchun inson resurslarini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Oʻzbekistonning ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari talabalari va bitiruvchilari uchun ilgʻor texnologik yechimlar va xalqaro standartlar asosida qayta tiklanadigan energiya obyektlarini qurish va ulardan foydalanish boʻyicha tajriba orttirishlari uchun “ACWA Power” obyektlarida maxsus treninglar va stajirovkalarni tashkil qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Tomonlar, shuningdek, yaqin kelajakda “ACWA Power” kompaniyasini jalb qilgan holda keyinchalik amalga oshirish uchun yangi istiqbolli loyihalar roʻyxatini tayyorlash va muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.

    Uchrashuv yakunida Saudiya Arabistoni investorlari Oʻzbekiston tomonining qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va uzoq muddatli istiqbolda sheriklikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.