Unda yozuvchiyu shoirlar, adabiyotshunosu yosh ijodkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Keyingi yillarda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yosh munaqqidlarni tarbiyalash, ularning adabiy tanqid yoʻnalishidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hisobot davrida Respublika yosh ijodkorlarining 2021-yilda oʻtkazilgan Zomin seminarida 4 nafar yosh munaqqid faol ishtirok etdi, bir nafar ijodkorning ilk toʻplami “Birinchi kitobim” loyihasida nashrga tavsiya etildi.

Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning “Maoniy ahlining sohibqironi” asari 2021-yilda oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi asari” tanlovida adabiy tanqid yoʻnalishi boʻyicha mukofotga loyiq, deb topildi.

Yigʻilishda adabiy tanqidga doir kitoblar toʻgʻrisida filologiya fanlari doktori Suvon Melining, adabiy nashrlarda eʼlon qilingan adabiy-tanqidiy maqolalar haqida filologiya fanlari doktori, professor Ilhom Gʻaniyevning, mumtoz adabiyotga doir kitoblar va maqolalar xususida filologiya fanlari doktori Zebo Qobilovaning, internet nashrlarida eʼlon qilingan adabiy tanqidga doir maqolalar haqida filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Saʼdulla Quronovning maʼruzalari tinglandi.

Oʻtgan yil davomida oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotiga doir 30ga yaqin monografiya va risolalar, 500 ga yaqin adabiy-tanqidiy maqolalar nashr etilgan. “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur”, “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallari, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi”, “Hurriyat” kabi gazetalarda nashr etilgan adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidga doir maqolalar tahlil etildi. Xurshid Davron kutubxonasi, ziyouz.com, oyina.uz kabi internet saytlaridagi adabiy-tanqidga oid materiallar eʼtirof etildi.