Asl Sirdaryolik 31 yoshli Yulduz ismli ayol 2011-yil turmush oʻrtogʻi ortidan Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun joʻnab ketadi. U yerda xalqaro terroristik tashkilotlarning yot gʻoyalari taʼsiriga tushib, 2012-yil sentyabrda 3 nafar farzandi bilan avval Eron Islom Respublikasiga, keyin Pokistonga va shundan soʻng Suriya davlatiga joʻnatiladi.

Suriyaning Shadodiy aholi punktida yashab yurgan paytida unga turmush oʻrtogʻi qurolli toʻqnashuvda vafot etganini aytishadi.

“Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti jangarisi, asli Oʻzbekistonlik boshqa bir davlat xoini boʻlgan shaxsga turmushga chiqadi. 2015 va 2016-yillarda yana 2 nafar farzandi dunyoga keladi. 2020-yilning mart oyida u sharʼiy nikohida boʻlgan turmush oʻrtogʻi ham harbiy toʻqnashuvlar chogʻida halok boʻladi.

“Mehr-3” dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirilib, diniy ekstremistik gʻoyalarga ishonib toʻgʻri yoʻldan adashgan fuqarolar orasida Suriya davlatidan Oʻzbekistonga qaytarilgan Yulduz ota-onasi bagʻriga Sirdaryoga qaytarildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.