Samarqanddagi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan adabiy-musiqiy tadbir oʻtkazildi.
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Samarqand shahar boʻlimi, viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda samarqandlik shoir va yozuvchilar, oliy oʻquv yurtlari va maktablar oʻqituvchilari, adabiyot ixlosmandlari qatnashdi.
– Davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-dekabrdagi qaroriga koʻra, joriy yilda yurtimizda oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qoʻshgan atoqli adib va jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning 80 yilligi keng nishonlanmoqda, bu ulugʻ ijodkor xotirasi abadiylashtirilmoqda, – deydi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Samarqand shahar boʻlimi rahbari N.Saʼdinova. – Biz ham adib ijodiy merosini oʻrganish va keng targʻib etish, ayniqsa, bu orqali yoshlarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish maqsadida bugungi adabiy kechani tashkil etdik. Pandemiya sharoitini hisobga olib, shahardagi maktablar oʻqituvchilarining tadbirda onlayn ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratdik. Ular va boshqa ishtirokchilar viloyatimizning taniqli ijodkorlaridan Oʻtkir Hoshimov hayoti va ijodi bilan bogʻliq qiziqarli xotiralarni tingladilar.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi F.Toshev Oʻtkir Hoshimov Samarqandga kelganida, avvalo, Imom Buxoriy ziyoratgohi va Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishini va bu ikki daho nomi xalqimizning bir necha asrlik madaniyati, diniy eʼtiqodi, milliy davlatchilik tarixi bilan bogʻliqligini taʼkidlashini qayd etdi.
Samarqand davlat universiteti dotsenti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi R.Soliyev adib asarlarida milliy turmush tarzimiz yaqqol aks etgani, oilada farzand tarbiyasi, ota-onaga hurmat, Vatanga muhabbat gʻoyasi ustuvor ekanligini taʼkidladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari T.Tugalov va boshqa ijodkorlar ham Oʻtkir Hoshimov haqidagi oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashdi.
Viloyat axborot kutubxona-markazi xodimlari tomonidan adib hayoti va ijodi haqida tayyorlangan videolavha, viloyat teatri aktyorlarining chiqishlari ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.