Samimiy ruhda kechgan muloqotda bugungi adabiyotda zamonaviy oʻzbek bojxonachisining qiyofasi deyarli aks etmayotgani taʼkidlandi.
– Kelgusi yil 26-yanvarda 30 yilligini nishonlaydigan davlat bojxona xizmati organlarining sharafli va shu bilan birga mashaqqatli faoliyatini bayram arafasida nasriy va sheʼriy asarlarda, badiiy boʻyoqlarda aks ettirish muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov. – Shu boisdan uchrashuvda bojxonaning mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, giyohvandlikka qarshi kurash, kontrabanda va bojxona qonunbuzilishlarining oldini olish yoʻnalishidagi faoliyatini adabiy-badiiy asarlarda mazmunan pishiq va puxta ochib berish yuzasidan oʻzaro taklif va tashabbuslar oʻrtaga tashlandi. Jumladan, xizmat vaqtida xalok boʻlgan qahramon bojxonachilar siymosini gavdalantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmatining xabariga koʻra, uchrashuvda taniqli shoirlar Salim Ashur, Qoʻchqor Norqobil va Sirojiddin Rauflar bojxonachilarga oʻz sheʼrlaridan oʻqib berishdi.
Tadbir soʻnggida ijodkorlar va bojxonachilar oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Mehmonlar “Bojxona tarixi” muzeyi bilan tanishishdi va faxriy mehmonlar kitobiga oʻz dastxatlarini qoldirishdi.