Mazkur tanlov oʻquvchi yoshlarda xalq diplomatiyasining mohiyatini keng tushunish, xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarni takomillashtirish masalalari haqida fikr yuritish, shuningdek, SHHT mamlakatlari va boshqa xorijiy mamlakatlar xalqlarining madaniyati, anʼanalari, dini va turmush tarzi bilan yana-da yaqinroq tanishishda ajoyib imkoniyat yaratdi.
Tadbirda mustaqil va erkin fikrlovchi oʻquvchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, yurtimiz yoshlarining isteʼdodli vakillarini aniqlash, umuman, ijodkor shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va yosh avlodning ijtimoiy faolligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov tanlov ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad isteʼdodli oʻquvchi yoshlarni ijodiy mehnatga undash, SHHT mamlakatlari madaniyati, tarixi, anʼana va qadriyatlariga qiziqishini oshirish, shuningdek, xalq diplomatiyasining mohiyatini tushunish, yaxshi qoʻshnichilik, millatlararo totuvlik, sivilizatsiyalararo rivojlantirish masalalari haqida dunyoqarashlarini kengaytirishdan iboratligini taʼkidladi.
Taqdirlash marosimida faxriy mehmonlar qatorida Respublika bolalar kutubxonasi direktori D. Oʻrolov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibi, “Gulxan” jurnali maʼsul kotibi Muhabbat Hamidova, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Xalqaro oltin qalam” mukofoti sohibi, filologiya fanlari nomzodi, taniqli bolalar shoiri Dilshod Rajab hamda bolalar yozuvchisi Shukurulla Abdullayev oʻquvchi yoshlarni kelajakda yetuk mutaxassis boʻlib yetishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Mazkur tanlovga jami 200 ga yaqin insholar taqdim etildi. Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Fargʻona, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari faol qatnashishdi.
Ijodiy ishdagi oʻziga xos samimiy talqinlar tufayli tanlov hayʼatiga gʻoliblarni aniqlash oson kechmadi. Shu sababli “Falsafiy fikrlar”, “Chiroyli husnixat”, “Dilkash satrlar”, “Mukammal reja”, “Eng yosh ishtirokchi”, “SHHT rasmi yilidagi insho”, “Faol viloyat”, “Faol tuman”, “Faol ustoz” nominatsiyalar boʻyicha gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
SHHT doirasidagi xalq diplomatiyasi jahon mamlakatlari mentalitetini tushunish, yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yana-da mustahkamlashga hissa qoʻshish uchun yaxshi asos boʻlib xizmat qilishi mumkin. SHHT makonida yashayotgan xalqlar manfaati yoʻlidagi madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, madaniy xilma-xillikni asrash va ularni targʻib etish, turli madaniyatlar va merosni oʻrganish sohasidagi hamkorlik odamlar oʻrtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishiga shubha yoʻq.
Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi
markazining axborot xizmati