Adliya aralashuvi bilan mulk huquqi buzilgan fuqaroga yetkazilgan moddiy zarar undirib berildi

    Fuqaro M.R. uy-joyining bir qismi Yunusobod tuman hokimiyati tomonidan buzib tashlanishi natijasida yetkazilgan zarar toʻlab berilmayotganidan norozi boʻlib Adliya vazirligiga murojaat qilgan.

    Mazkur murojaat Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan koʻrib chiqildi. Aniqlanishicha, fuqaro M.R.ga 2009-yil 27-fevraldagi №1467-son bilan qayd etilgan uy-joy hadya shartnomasiga asosan tegishli boʻlgan, umumiy maydoni 1838.00 kv.m.dan iborat Yunusobod tumani, Soxibkor 7-berk koʻchasi, 14-uy Boʻzsuv boʻyi kanali sanitar muhofaza hududida joylashganligi uchun uy-joyning bir qismi tuman hokimiyati va mutasaddi boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan buzib tashlangan.

    2018-yil iyun oyida Toshkent shahar Yunusobod tuman hokimiyati tomonidan fuqaro M.R.ning mulkka ega boʻlish va yerdan foydalanish huquqlari qoʻpol ravishda poymol etilib, qonun talablariga zid ravishda uy egasi ogohlantirilmay uy-joyning bir qismi, yaʼni 1458 kv.m dan iborat egalik huquqi belgilangan, kadastr hujjatlari mavjud bulgan bino-inshootlari buzib tashlanib, jiddiy zarar yetkazilgan.

    Bino-inshootlar va qurilmalar hokimiyat mansabdor shaxslari tomonidan 2018-yil iyun oyida buzib tashlangan boʻlsada, 2018-yil 25-iyulda Yunusobod tuman hokimiyati tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudiga javobgar M.R.ga nisbatan qurilgan qurilmalarni buzish hisobiga yer maydonini avvalgi holatiga keltirish toʻgʻrisida daʼvo ariza kiritilgan va 1458 kv.m. yer maydonida joylashgan mulk huquqi mavjud boʻlgan qurilmalarni qonuniy ekanligini isbotlovchi mulk egasi M.R. tomonidan taqdim etilgan Oliy sud rayosatining qarori va boshqa hujjatlarni suddan yashirgan holda daʼvo arizani sirtdan qanoatlantirishga erishilgan.

    Fuqaro M.R.ning 2018-yil 03-avgustdagi qurilmani buzish haqida sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga koʻra, fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudining
    2018-yil 15-sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan Yunusobod tuman xokimiyatining daʼvo talablarini qanoatlantirish toʻliq rad qilingan. Yaʼni, Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudining 2018-yil 25-iyuldagi sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori bekor qilingan.

    Ammo, tuman hokimiyati tomonidan uy-joyning bir qismi asossiz gʻayriqonuniy ravishda oʻzboshimchalik bilan buzib tashlangan. Yuqoridagi holat boʻyicha ariza muallifiga yetkazilgan zarar miqdori “HISOB & Baholash” masʼuliyati cheklangan jamiyat mutaxassislarining 2018-yil 21-iyul holatiga bergan xulosasiga koʻra, juda koʻp miqdorda - 560 498 874 (besh yuz oltmish million toʻrt yuz toʻqson sakkiz ming sakkiz yuz yetmish toʻrt) soʻm moddiy zarar yetkazilgan deb topilgan. Fuqaro M.R. tomonidan bu masalada Yunusobod tuman hokimiyatiga bir necha marotaba murojaat etishiga qaramay yetkazilgan 560 498 874 soʻm zararni toʻlab berish choralari koʻrilmagan.

    Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga koʻra, gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.

    Yuqoridagilarga koʻra, Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudiga kiritilgan daʼvo arizaga koʻra, sudning 2021-yil 14-oktyabrdagi hal qiluv qaroriga muvofiq, Yunusobod tuman hokimiyatidan fuqaro M.R. foydasiga yetkazilgan jami 650 310 000 soʻm moddiy va 1 500 000 soʻm maʼnaviy zarar summasi undirildi.

    Mulk huquqi daxlsizdir va uni poymol etishga qaratilgan har qanday xatti-harakatga chek qoʻyiladi.

    Adliya vazirligi

    jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi