Adliya aralshuvi bilan hokim qarori bekor qilindi

    Sirdaryo tumani adliya boʻlimiga Sirdaryo tumani “Intilish” mahallasida yashovchi fuqaro U.Kazakov tuman hokimligi qaroridan norozi boʻlib murojaat qildi.

    Maʼlum qilinishicha, Sirdaryo tumani hokimligining 2016-yildagi tegishli qarori bilan “Malik” qishloq fuqarolar yigʻini “Intilish” mahallasi aholi punkti hududida boʻlgan zaxiradagi yerlar 0,04 gadan auksion orqali sotuvga chiqarilgan.

    U.Kazakov “Intilish” mahallasi hududida boʻlgan 248-konturdagi 5-sonli yer uchastkasini auksion savdosida yutib olgan. Biroq fuqaro maʼlum sabablarga koʻra, yutib olgan yerni davlat roʻyxatidan oʻtkazmagan.

    Mazkur murojaatni oʻrganish davomida tuman hokimining 2021-yil 5-iyundagi “Sirdaryo tumani Malek SIU Intilish mahallasi hududida joylashgan boʻsh turgan Sobiq yuqumli kasalliklar shifoxonasi binosini ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni uy joy bilan taʼminlash maqsadida tuman hokimligi zahirasiga olish toʻgʻrisida”gi qarori bilan jami 0.5847 ga yer maydoni hokimyat zaxirasiga olinganligi, shundan U.Kazakovga tegishli boʻlgan 0.04 ga yer maydoni ham tuman hokimligi zaxirasiga oʻtganligi aniqlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasida qayd etilganidek, xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi yer kodeksining 36-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni ochiq tanlov va elektron onlayn-auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomani bekor qilish yoki oʻzgartirish yoʻli bilan bekor qilishga haqli emasligi belgilangan.

    Yuqoridagilarga asosan Sirdaryo tumani adliya boʻlimi tomonidan fuqaro manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritildi hamda sudning hal qiluv qarori bilan Sirdaryo tumani hokimligi tomonidan U.Kazakovga tegishli boʻlgan 0.4 ga yer maydonini zaxiraga olish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilindi.