Adliya boshqarmasida matbuot anjumani boʻlib oʻtadi

    Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar muhokamasi hamda qonun ustuvorligini taʼminlashda Adliya organlarining roli” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Anjumanni viloyat Adliya boshqarmasi boshligʻi Jamshidxon Nuritdinov ochib berdi va boshqarib bordi.

    — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi – mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqea ekanligi bois xalqimiz uni katta qiziqish bilan kutadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu galgi Murojaatnomasida “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilib, yangi 2021-yilga nom berildi. Mamlakatimizni yana-da rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi, — deydi Jamshidxon Nuritdinov oʻz nutqida.

    Aytib oʻtish joizki, Murojaatnomada ilgari surilgan har bir masala oʻta dolzarb va insonparvarlik prinsiplariga tayanilgan.

    Anjumanda Murojaatnomaning mazmun-mohiyati, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtildi.

    Shundan soʻng, “Open Justice” - (“Ochiq adliya”) Dasturi doirasida boshqarma va tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan 2020-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

    Qayd etilganidek, boshqarma va tuman (shahar) adliya boʻlimlariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2 583 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 2 112 tasi qonuniy hal etildi.

    Davlat idoralarida 176 ta oʻrganish va monitoringlar oʻtkazildi. Natijada 15 476 ta qonun buzilish holatlari aniqlanganligi maʼlum boʻldi.

    Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 557 ta taqdimnoma va 1 912 ta ogohnoma kiritildi. Vakolatli organlarga 84 ta maʼmuriy takliflar kiritildi. Koʻrilgan choralar natijasida 220 nafar aybdor shaxslarning intizomiy javobgarlikka tortilishi, 38 ta noqonuniy hujjatlarning bekor qilinishi taʼminlandi. Sudlarga 9 360,1 mlrd soʻmlik 239 ta daʼvo arizalari kiritildi.

    Qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha 55 ta taklif ishlab chiqilib, Adliya vazirligiga taqdim etildi.

    Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida bir qator huquqiy targʻibot ishlari amalga oshirildi.

    Jumladan, 9 235 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Shundan 3 630 marotaba OAVda, joylarda 4920 marotaba seminarlar, maʼruzalar, davra suhbatlari oʻtkazildi, 3046 marotaba veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilindi.

    Jurnalistlarga berilgan maʼlumotlarga koʻra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 75 ta normativ tusdagi qarorlari loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi.

    Shundan, 62 tasiga qonun hujjatlariga muvofiqligi boʻyicha xulosa berildi, 13 tasi rad etildi. Huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan normativ tusdagi qarorlarning 49 tasi davlat hisobiga olindi. Davlat hisobiga olingan jami mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari soni 639 tani tashkil qiladi.

    Yana bir muhim maʼlumot sifatida aytib oʻtish joizki, hisobot davrida 84 ta NNT Adliya boshqarmasida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Shuningdek, 2020-yilda ish reja asosida NNTlar faoliyati oʻrganilib, natijasi boʻyicha 37 ta taqdimnoma hamda 1 ta maʼmuriy taklif kiritildi. 21 ta mansabdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi.

    Anjuman bahs-munozaralarga boy boʻldi. Qizgʻin savol-javob asosida adliya organlari faoliyati yana-da ochiqlandi. Jurnalistlar oʻzlarining qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javoblar olishdi.

    Dilnoz Umurzoqova,

    Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi yetakchi maslahatchisi