Joriy yilning 5-may kuni Adliya vazirligining navbatdagi hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi. Unda, adliya organlari va muassasalari tomonidan 2023-yil 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar natijasi muhokama qilindi. Hayʼat majlisi videkonferensaloqa shaklida oʻtkazilib, unda adliya organlari va muassasalarining rahbar va masʼul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tashabbusi bilan 34 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. 351 ta qonunchilik hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan, 37 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar esa davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Hisobot davrida 31,6 ming ta murojaat kelib tushdi. Ularning 25 mingtasi, yaʼni 79 foizi qonuniy hal qilindi.
Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha 6269 ta taqdimnoma kiritildi, 2 282 nafar shaxslar maʼmuriy, 2 648 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 98 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Sudlarga 142,2 mlrd soʻmlik 5 819 ta daʼvolar (arizalar) kiritilib, 121,1 mlrd soʻmlik daʼvolar (arizalar) qanoatlantirildi.
Shuningdek, Davlat xizmatlarini koʻrsatish markazlari tomonidan 3,2 mln dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.
Shuningdek, joriy yilning 1-chorak yakunlari boʻyicha hududiy adliya organlari faoliyatining samaradorligi baholanib, baholash natijalariga koʻra Buxoro va Andijon viloyat adliya boshqarmalari yuqori samaradorlik koʻrsatkichlarni qayd etdi.
Majlis davomida amalga oshirilgan ishlar va kamchiliklar muhokama qilinib, Surxondaryo va Fargʻona viloyat adliya boshqarmalari boshliqlarining 1-chorak davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish boʻyicha ham izohlari eshitildi.
Tadbir soʻnggida vazirlik oldida turgan vazifalarni toʻgʻri va samarali amalga oshirish, sohalar boʻyicha ish faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.