Adliya vaziri 92 ta mahalliy davlat funksiyasini keraksiz deb topdi

    Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda adliya vaziri Akbar Toshqulov davlat organlari funksiyalari boʻyicha olib borilayotgan xatlov natijalari haqida maʼlumot berdi.

    Uning soʻzlariga koʻra, mahalliy davlat organlarining 500 ga yaqin funksiyasi oʻrganilib, shundan 92 tasi keraksiz deb topilgan. Hukumatga ularni bekor qilish boʻyicha takliflar kiritilgan.

    Deputat Zuhriddin Mavlonovning qayd etishicha, 2030-yilga qadar 300 ga yaqin davlat funksiyalari xususiy sektorga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan, biroq hozircha atigi 11 ta funksiya boʻyicha xulosa qilingan. Shu bois ayrim deputatlar jarayonning sekin kechayotganidan xavotir bildirishdi.

    Akbar Toshqulov esa bu boradagi ishlar jadal olib borilayotganini taʼkidladi. Masalan, Qishloq xoʻjaligi vazirligida 17 ta funksiya takrorlanuvchi yoki moliyaviy resurssiz boʻlgani uchun xususiy sektorga oʻtkazilishi lozim, deya qayd etdi. Shuningdek, sport sohasidagi vazifalar ham qayta koʻrib chiqilayotgani aytildi.

    Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov yigʻilishda qoʻshimcha qilib, 27 ta yoʻnalish boʻyicha davlat funksiyalarini xususiy sektorga topshirish jarayoni boshlanganini maʼlum qildi.