Adliya vaziri F. Ni Aolaynini Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlari qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib oʻtdi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda Oʻzbekiston hukumati asosiy eʼtiborni ushbu illatning tarqalishiga yordam beruvchi shart-sharoitlar va sabablarni aniqlash va bartaraf etishga qaratayotgani alohida qayd etdi. Shuningdek, R.Davletov Oʻzbekistonda terrorizmga qarshi koʻrilayotgan choralar milliy qonunchilik va mamlakatning xalqaro huquqiy majburiyatlariga toʻliq mos kelishini taʼkidladi. Oʻzbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatini erkinlashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini faoliyatini rivojlantirish, gender tengligini taʼminlash sohalaridagi soʻnggi islohotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xorijiy tomon eʼtiboriga yetkazildi.
Oʻz oʻrnida, F. Ni Aolayn mamlakatimizda soʻnggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlarning koʻlami va samaradorligini yuqori baholadi. Jumladan, F. Ni Aolayn Oʻzbekiston hukumati tomonidan oʻz fuqarolarini Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli mojarolar zonalaridan qaytarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va qaytarilgan fuqarolar reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni yuksak baholadi. F. Ni Aolaynning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston ushbu sohada dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi va bu yoʻnalishdagi Oʻzbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun ham namuna boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Tadbir davomida ikki tomonlama oʻzaro hamkorlik aloqalarini kelgusida davom ettirishga kelishib olindi. Uchrashuv samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.