Uchrashuvni olib borgan universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida, birinchi navbatda, yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan, huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etishda adliya organlarining muhim roli xususida gapirib, ushbu tadbirni tarixiy jarayon sifatida baholadi va yoshlarni Adliya vaziri bilan jonli muloqotga chorladi.
Adliya vaziri yoshlar bilan muloqotga kirishar ekan, bugun shiddat bilan rivojlanayotgan davrda yuridik soha va uning taʼlim texnologiyasi kuchayib borayotgani, tizimda raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqayotgani, faqatgina nazariy bilim emas, amaliyot ham zarurligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, universitetda Adliya klublari, prokurorlar, advokatlar, sudyalar klublarini tashkil etish, forumlar, konferensiyalar, huquqiy tanlovlar oʻtkazish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Eng quvonarlisi esa mazkur klublarning faol aʼzolari toʻgʻridan-toʻgʻri ishga qabul qilinishi maʼlum qilindi. Suhbat jarayonida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
Uchrashuv yakunida “Vazir va yoshlar” muloqotida oʻz faolligi bilan tengdoshlariga namuna boʻlgan talabalar Akbar Jo‘raboyevich tomonidan munosib taqdirlandi. Shuningdek, bugungi mazmunli uchrashuvni tashkil etgan va yoshlar uchun yuridik tizimda muhim ahamiyatga ega manfaatli tavsiyalar ulashgan Adliya vaziriga universitet rektori talabalar nomidan esdalik sovgʻasini taqdim etdi.
FarDUning “Qatagʻon qurbonlari” tarixiy xotira muzeyi ham mehmonlar nigohida boʻldi.