Qayd etilishicha, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, har bir deputatga oʻz vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanadi.

Uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi, deputatning shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq maʼmuriy, jinoiy yoki oʻzga tarzda javobgar boʻlishi, deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilish maqsadida deputatga qanaqa tarzda boʻlmasin taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmasligi, deputat oldidagi oʻz vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga toʻsqinlik qiladigan, bila turib unga yolgʻon axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy Reglamentiga muvofiq, sessiya oʻtkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi Kengash deputatlari eʼtiboriga sessiya ochilishidan kamida yetti kun oldin yetkazilishi, deputatlarga tanishib chiqish uchun hujjatlar yuborilishi, sessiyalar kengashi ochiq, oshkora oʻtkazilishi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi, zarur hollarda yopiq sessiya oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.

Biroq, mazkur Kengash sessiyasida deputatlarning daxlsizligi buzilib telefon va ovozli videoga oluvchi moslamalarni olib kirishi taqiqlangan hamda ayrim deputatlar tintuv qilingan.
Mazkur holat boʻyicha adliya organlari tomonidan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga hamda Milliy gvardiya Andijon viloyat Qoʻriqlash boshqarmasiga taqdimnomalar kiritildi. Unda, kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilmasligi hamda aybdor shaxslarga nisbatan chora koʻrish soʻralgan.

Shu oʻrinda, adliya organlarining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarini bajarmaslik, shu jumladan, oʻz vaqtida yoki toʻliq bajarmaslik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanganligini eslatib oʻtamiz, deyiladi Adliya vazirligi munosabatida.