Alohida hollarda, yaʼni homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi, xizmat safari kabi uzrli sabablar boʻlganda 1 oylik muddat qisqartirilgan holda nikohni qayd qilishga ruxsat berilgan.

Amaliyotda nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini qisqartirish uchun ayrim fuqarolar FHDYO organlariga soxta tibbiy maʼlumotnomalar taqdim etish, FHDYO va sogʻliqni saqlash organlarida ortiqcha qogʻozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻyish kabi salbiy holatlar mavjud edi.

Ushbu muammolarni bartaraf etish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi, deya xabar beradi Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Mazkur loyihada Oila kodeksining 13, 17 va 212-moddalariga oʻzgartishlar kiritish hamda nikohni qayd etishning bir oylik muddati va uni qisqartirish uchun asos boʻluvchi holatlarni bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinsa, nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtgandan soʻng 1 oylik muddatni kutmasdan nikohini rasmiylashtirishi mumkin boʻladi.

Tahlillarga koʻra nikohni qayd qilish uchun 2021-yilda 300 mingdan ortiq, 2022-yilning 1-choragida 45 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan boʻlib, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir oylik muddatda arizalarni qaytarib olish yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qoʻyadi, FHDYO va sogʻliqni saqlash organlarida qogʻozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etadi, otalik belgilash kabi ortiqcha qiyinchiliklarni oldini oladi.

Qonun loyihasi bilan havola orqali tanishishingiz mumkin.