– Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (Lex.uz)ga 2017-yilning 25-sentyabridan normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manba maqomi berildi;

– davlat organlari va tashkilotlari tomonidan rasmiy nashrlarga (“Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari toʻplami” va “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami”) obuna boʻlish amaliyoti tugatildi;

– davlat organlari va tashkilotlarida qonunchilik hujjatlarini qogʻoz shaklida maxsus jurnal va hisob varaqalarida roʻyxatga olish tartibi bekor qilindi;

– qonunchilik hujjatlarining hisobini yuritish, shu jumladan ularni nazorat nusxalarini yangilab turishni elektron shaklda amalga oshirish tartibi joriy etildi.

Yuqoridagi oʻzgarishlarni inobatga olib, Adliya vazirligi tomonidan qonunchilik hujjatlarini davlat hisobiga olishning yangi tartibi tasdiqlandi.

Ushbu sohani tartibga solgan ikkita idoraviy hujjat oʻrniga “one in two out” tamoyiliga asosan bitta hujjat qabul qilindi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning hisobini yuritishning yangi qoidalarida quyidagilar belgilangan.

Birinchidan, barcha turdagi qonunchilik hujjatlari Adliya vazirligi tomonidan markazlashtirilgan holda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Bu tartib hujjatlarning umumiy soni boʻyicha aniq statistikasini yuritish hamda qonunchilikdagi oʻzgarishlar dinamikasini kuzatish imkonini beradi.

Oʻz navbatida, davlat organlari faqat ularning faoliyatiga bevosita bogʻliq boʻlgan huquqiy hujjatlarning hisobini yuritadilar. Bu davlat xizmatchilari oʻz kasbiy faoliyatlari bilan bogʻliq huquqiy oʻzgarishlardan doimiy xabardor boʻlishlarini taʼminlaydi. Tegishli roʻyxat davlat idoralarining veb-saytida joylashtirilishi kerak, shunda har bir foydalanuvchi hujjatlar bilan tanishishi mumkin.

Ikkinchidan, yangi tartibga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari davlat hisobiga olinadi.

Ularning nazorat nusxalarini yuritilishi qonunchilik hujjatlari loyihalarini toʻliq va sifatli ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlaydi.

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar masalalari, fuqarolik, afv etish, siyosiy boshpana berish, davlat mukofotlari bilan taqdirlash va oliy harbiy va maxsus unvonlarni berish va individual tusdagi boshqa masalalar boʻyicha farmon va qaror shaklida qabul qilingan hujjatlari ham davlat hisobiga olinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari normativ-huquqiy hujjatlarning bir turi hisoblanadi. Shu bois, ularda qanday masalalar koʻtarilishidan qatʼi nazar, ularning barchasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

Bu kabi hujjatlar faqat davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, ularning matnlarini Lex.uz saytida rasmiy eʼlon qilinishi talab etilmaydi.

Buning uchun Adliya vazirligida normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun maxsus axborot bazasi shakllantirilgan.

Toʻrtinchidan, Lex.uz da eʼlon qilingan barcha qonunchilik hujjatlari nazorat holatida saqlanadi. Yaʼni, har bir qonunchilik hujjatida unga kiritilgan oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar yoki oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligida qonunchilik hujjatlarning nazorat nusxalari qogʻoz shaklida ham yuritiladi.

Bu borada, ilgari matnga tegishli oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yopishtirilgan boʻlsa, endilikda qonunchilik hujjatiga oʻzgartirish kiritishga asos boʻlgan hujjatlar roʻyxati (oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki bekor qilish) unga ilova qilinadi.

Davlat idoralari ham oʻz faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlarning nazorat nusxalarini yuritishni shu tartibda olib boradilar.

Mazkur hujjatning matni bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Ushbu hujjat 2021-yil 1-iyuldan eʼtiboran kuchga kiradi.